$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Marlen Chobanov

Joriy yilning 11-avgust kuni Poytaxtning Chilonzor tumanidagi “Bunyodkor” stadionida O‘zbekiston superligasining 15-turidan o‘rin olgan "Bunyodkor-Andijon" jamoalari o‘rtasidagi futbol uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. 

Futbolchi va Milliy gvardiya xodimi o‘rtasidagi mojaro

Ushbu o‘yinni yaqindagina jarohatidan forig‘ bo‘lgan “Andijon” futbol klubi himoyachisi Marlen Chobanov stadionning VIP bo‘limidan tomosha qiladi. Uchrashuv yakunlanganidan so‘ng, soat 22:05 da futbolchi VIP bo‘limi orqali ichkariga kirishga urinadi. Maxsus ruxsatnomaga (beyjik) ega bo‘lmagan fuqarodan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi uning qayerga ketayotganligini, chiqish uchun boshqa yo‘lakdan foydalanishi zarurligini aytgan. Ammo fuqaro Marlen Ch. harbiy xizmatchining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, xizmat faoliyatiga qarshilik ko‘rsatib, uning yuz qismiga qo‘li bilan bir marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.

Jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Hozirda mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. “Hurmatli futbol muxlislari, o‘yin davomida Sizlardan, Milliy gvardiya va Ichki ishlar xodimlari hamda stadion ma’muriyati talablarini bajarishingizni so‘rab qolamiz. Faqat shundagina Sizning xavfsizligingiz ta’minlanishi mumkin.”, deb yozadi Milliy gvardiyaning Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi matbuot xizmati. 

Marlen Chobanov haqida

Ma’lumot uchun, bu yil 24 yoshni qarshilaydigan iqtidorli himoyachi Marlen Chobanov fevral oyida “Andijon” a’zosiga aylangandi. Futbolchi 2000-yilning 10-oktyabr sanasida tavallud topgan. Ampluasi markaziy himoyachi. Marlenning oxirgi klubi Yaypanning “Turon” jamoasi. Futbolchi “Turon”dan tashqari Kiyevning “Obolon” yoshlar jamoasi hamda Toshkentning “Paxtakor” klubida to‘p surgan. Bundan tashqari, Chobanov O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2021-yil noyabr oyidagi yig‘iniga ham jalb etilgan. O‘shanda Rustam Ashurmatov viza bilan bog‘liq muammolar sabab terma jamoa yig‘iniga kel olmasligi ma’lum bo‘ladi va uning o‘rniga Chobanov jalb etiladi. Yana shuni qo‘shimcha qilib o‘tish joizki, uning otasi sobiq futbolchi Burgandin Chobanov. Yoshi katta muxlislar uni yaxshi eslaydilar.