$
 11914.67
3.74
 13735.23
-49.29
 148.27
0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Salonlarda sotilayotgan Cobalt’lar: “Shapka” qaytdimi?

Cobalt Midnight

“UzAuto Motors” AJ Chevrolet Cobalt avtomobillarini dilerlar orqali sotuvga chiqishini ma’lum qildi.

Qariyb 80 mingta Cobalt egasiz qolgan

Xabaringiz bor, 3-noyabr kuni Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun onlayn shartnoma berish jarayoni ochilib, qariyb 2,5 soat ichida jami 100 mingta shartnoma rasmiylashtirilgandi. 7 kunlik to‘lov muddatidan keyin shartnoma tuzgan mijozlarning 20 833 tasi avtomobil uchun to‘lovni amalga oshirdi. To‘lov qilinmagan shartnomalar bekor qilindi.

Sotuvlarning dilerlik markazlariga o‘tishi

Kompaniya Onlayn-kontraktatsiya yakunlangach shartnoma tuzish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar tushganini ma’lum qilfi. 3-noyabr kuni rasmiylashtirilgan ba’zi shartnomalar avtomobilga haqiqiy ehtiyojsiz tuzilgan bo‘lgani sabab, UzAuto Motors Cobalt avtomobillarini to‘lov muddati tugagach dilerlik markazlari orqali sotishni boshlashga qaror qildi.

Salondagi sotuv qachon boshlanadi?

Endi mijozlar onlayn shartnomalar uchun to‘lov muddati tugagach, istalgan Chevrolet rasmiy dileridan Cobalt avtomobilini sotib olishlari mumkin. Fuqarolar o‘zlari uchun qulay dilerlik markazini, mavjud avtomobillarni tanlashi, qo‘shimcha jihozlarni kafolat shartlariga ziyon yetkazmagan holda bevosita dilerlik markazida o‘rnatishlari mumkin bo‘ladi.

Dilerlik markazlarida sotilayotgan barcha avtomobillar yagona tizim orqali rasmiylashtiriladi. Har bir shartnomada uning haqiqiyligini tasdiqlovchi QR-kod mavjud bo‘ladi.

15-dekabrga qadar hamma Cobalt’ini oladi

Ma’lum bo‘lishicha, 20-noyabr holatiga dilerlarga 2 624 dona Cobalt yetkazilgan. Ulardan 1 969 tasi sotilgan va xaridorlarga topshirilgan. Yana qariyb 6 000 dona avtomobil dilerlik tarmog‘iga yetkazilmoqda.

UzAuto Motors dilerlik sotuvlari onlayn xarid qilingan avtomobillarni topshirish jarayoniga ta’sir qilmasligini ta’kidladi. Noyabr oyida berilishi belgilangan avtomobillarning yarmidan ko‘pi allaqachon mijozlarga topshirilgan. 15-dekabrga qadar 2025-yil dekabr va 2026-yil yanvar uchun mo‘ljallangan barcha avtomobillar yetkaziladi.

“Shapka” qaytganini da’vo qilgan Autostrada

Avtomobil olamiga ixtisoslashgan Autostrada nashri “UzAuto Motors” Cobalt’lar dilerlik markazlari orqali sotuvga chiqqanini e’lon qilishidan oldin bu haqida ma’lum qilib, salonlarda “shapka” orqali Cobalt olish mumkinligini da’vo qilgan edi.

Nashrga ko‘ra, bunday shaffof bo‘lmagan sharoitlar korrupsiya uchun qulay muhit yaratdi. Xaridorlarning o‘zlari avtosalonga kelib, shartnoma olish huquqi uchun “shapka” taklif qilmoqda.

Bitta Cobalt uchun 200 dollar

Kamida ba’zi avtosalonlarda shunday salbiy amaliyot mavjudligini ta’kidlagan nashr Cobalt’ning qimmat rusumlariga shartnomalar nisbatan bemalol berilayotganini ochiqlagan. Lekin, eng arzon Style AT (148 million) komplektatsiyasi uchun shartnoma olish uchun 200 dollar miqdorida pora “talab qilinayotgani” aytilmoqda.

Kompaniya pozitsiyasi

“UzAuto Motors” kompaniya har qanday korrupsiyaga yoki unga sharoit yaratishga nisbatan mutlaqo murosasiz siyosatga amal qilishini ta’kidlab, ushbu xabarlarni rad etdi.

O‘rganilishicha, muallif hech qanday faktik dalil taqdim eta olmagan. Shu bilan birga, kompaniya asossiz ma’lumotlar “UzAuto Motors” AJ hamda Chevrolet rasmiy dilerlarining obro‘siga putur yetkazishini aytib, har qanday tekshirilmagan, hech qanday asosga ega bo‘lmagan mish-mish va farazlarni tarqatmaslikni qat’iy so‘ragan.

“Mijozlarimizdan agar rasmiy dilerlik markazlarida avtomobil xarid qilish jarayonida noqonuniy harakatlar, tovlamachilik yoki boshqa korrupsion holatlarga duch kelsangiz, bu haqda darhol “UzAuto Motors” AJ Komplayens xizmatiga xabar berishingizni so‘raymiz”, – deb yozadi kompaniya.

Теги :
Jamiyat
Avto