$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Bola necha yoshdan sport bilan shug‘ullanishni boshlashi kerak?

sport bola

Bu haqda sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati maʼlumot berdi.

Bolalar sog‘lom o‘sishi uchun ularning jismoniy faolligi ham to‘g‘ri ovqatlanishidek muhim ahamiyatga ega. Shu bois ota-onalar o‘g‘il-qizlarining yoshi, bo‘yi, jismoniy imkoniyatlari, xohishi va ayniqsa, mavjud kasalliklarini inobatga olib sport to‘garaklarini tanlashi zarur.

4-5 yoshdagi bolalar gimnastika bilan shugʻullanishi lozim

Sog‘liqni saqlash vazirligi bo‘lim boshlig‘i Barno Odilova 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar bilan faqat badantarbiya mashqlari bajarilishi kerakligini aytdi.

"4-5 yoshli o‘g‘il-qizlarni esa avval gimnastik mashg‘ulotlarda “toblab”, tanasini chiniqtirish maqsadga muvofiq. Sababi bu yoshdan keyin suyakning qayishqoqligi kamayib, bola ko‘pgina mashqlarni bajarishga qiynaladi" - deydi mutaxassis.

Eng maqbul yosh

Sport bilan shug‘ullanish uchun 5-6 yosh eng maqbul vaqt hisoblanadi, sababi insonning asab tizimi asosan shu yoshdan mustahkamlana boshlanadi. Shuningdek, bola bu vaqtda murabbiy bergan vazifalarni bajara oladigan yoshga yetadi.

Qaysi sportga bergan yaxshi?

6 yashar bolaning xohishiga ko‘ra istalgan sport to‘garagiga berish mumkin. Ammo bu davrda ular uchun eng foydalilari — suzish, badiiy gimnastika va futbol.

Suzish skoliozni davolaydi

Bolalarda ko‘p uchraydigan skolioz kabi xavfli kasalliklarni 6-12 yoshgacha suzish, turnikda mashqlar bajarish va yengil atletika yordamida davolash mumkin. Ko‘rish qobiliyati past o‘g‘il-qizlar esa 9-11 yoshda stol tennisi va katta tennis bilan faol shug‘ullanishi lozim.

Tavsiya qilinmaydigan sport turlari

Salomatlik uchun barcha sport turi foydali bo‘lsa-da, ulardan ayrimlarini ma’lum davrlarda cheklash maqsadga muvofiq. Masalan, tanasining rivojlanishi kechikayotgan 12-14 yosh oralig‘idagi o‘g‘il-qizlarga karate, taekvondo, dzyudo kabi og‘riq beruvchi usullarga boy sport turlari tavsiya etilmaydi. Aks holda bolaning bo‘yi o‘smay qolishi mumkin.

Xuddi shunday 9-12 yoshda og‘ir atletika bilan shug‘ullanish ham ma’qul emas. Chunki bu bolaga “og‘irlik” qilib, buyragi atrofini yog‘ qoplashiga olib keladi.