$
 12683.99
35.87
 13647.97
25.94
 139.24
0.82
weather
+26
Кечаси   +14°

Saylovlarga, dron uchirishga “tayyor bo‘lmagan” odamlar totalizator o‘yinlariga tayyormi?

Букмеккерлик

Aholini hali unga, hali bunga tayyor emasligi haqida bot-bot amaldorlar tomonidan turli taqiqnamo gap-so‘zlar quloqqa chalinib turadi. Xo‘sh, oddiygina dron uchirishga tayyor bo‘lmagan odamlar tavakkalchilikka asoslangan, bizning sharoitda, tez-tez suidsidlar sababi etib ko‘rsatiladigan totalizator o‘yinlariga tayyor edimi?

O‘zbekistonda ilk bor 2007-yil 1-sentyabrda mamlakat bo‘ylab qimor va boshqa tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlangan. Shunga qaramay, yaxshi bilamizki, atrofimizda bu faoliyat bilan shug‘ullanayotganlar talaygina. Internet tarmoqlarida ham bir qator reklamalarni kunda-kunora uchratamiz. Hattoki, o‘sha reklamalarda o‘zbek xalqining taniqli sportchilarini ham uchratishimiz mumkin. Masalan, Mahmud Murodov va Shohjahon Ergashev kabi yakka kurash ustalari shular jumlasidan.

Prezident farmoni

Joriy yilning 19-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasida lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Hujjat 2025-yil 1-yanvardan boshlab taqiqni bekor qiladi hamda internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etish bilan bog‘liq faoliyatni huquqiy tartibga solish tartibini joriy etadi. Avvalroq 2019-yil dekabrida prezident bukmekerlik faoliyatini qonuniylashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan bo‘lsa, 2022-yil aprelida bu qaror qayta ko‘rib chiqilgan. 2023-yil aprel oyida davlat rahbari bukmekerlik faoliyatining normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqishga qaytish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Farmon tartibi

Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi. Shuningdek, lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlar va bukmekerlikni tashkil etish faoliyatlari qonunchilikka muvofiq Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (vakolatli organ) tomonidan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi. Litsenziyalar asosida tashkillashtirilgan lotereya, internet tarmog‘idagi o‘yinlar va bukmekerlik garovlarida faqat 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston rezidenti va norezidentlari qatnashishi mumkin. 

Soliqqa tortish va litsenziyalash

2025-yil 1-yanvardan 5-yil muddatga lotereya hamda internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini va bukmekerlik faoliyatini soliqqa tortishning quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibi belgilanadi. Lotereya, internet tarmog‘ida o‘yinlarni tashkil etish faoliyatini yoki bukmekerlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar shu faoliyatidan olingan jami daromadidan to‘langan yutuqlar va qaytarilgan stavkalar chegirilgan holda 4 foiz stavkasida aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilari hisoblanadi. Bundan tashqari, jismoniy shaxslarning agentlik tomonidan berilgan litsenziyalar asosida o‘tkaziladigan lotereyalar hamda internet tarmog‘idagi o‘yinlardan va bukmekerlik garovidan olingan yutuqlar sifatidagi daromadlari daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi. Lotereya va internet tarmog‘ida o‘yinlar, bukmekerlik faoliyati tashkilotchilarining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishini monitoring va nazorat qilish funksiyalari agentlik va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan amalga oshiriladi.

ILMA izohi

Qonun tasdiqlangani keng jamoatchilikka oshkor qilingach, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) farmon yuzasidan izoh berib o‘tdi. ILMAning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda hayotning barcha jabhalarida raqamli texnologiyalar va elektron to‘lovlarning faol joriy etilishi, shu qatorda, tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlarning keng tarqalishiga xizmat qilgan. 2007-yil 1-sentyabrdan boshlab butun mamlakat bo‘ylab qimor va boshqa tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlangan. "Ammo fuqarolarning o‘yinlarga bo‘lgan doimiy qiziqishini hisobga olsak, bu taqiqlar amalda ish bermayapti, aholi esa xorijiy va noqonuniy servislarning xizmatlaridan faol foydalanmoqda", — deyiladi agentlik xabarida.

Amaldagi xavf va yo‘qotishlar

Fuqarolarning qimor biznesiga doimiy qiziqishi fonida mavjud vaziyat aslida quyidagilarga olib keladi:

chet el valyutasining mamlakatdan chiqib ketishi, chunki fuqarolar xorijiy onlayn platformalarda o‘ynaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, fuqarolar tomonidan qimor o‘yinlarida ishtirok etish uchun yuborilgan mablag‘lar miqdori 350 milliondan 1 milliard AQSH dollarigacha;

qimor o‘yinlariga haddan tashqari qaram bo‘lgan fuqarolarning o‘yinlarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik mexanizmlarining yo‘qligi;

tavakkalchilikka asoslangan noqonuniy o‘yinlarda qatnashayotgan fuqarolar bilan bog‘liq firibgarlik xavfi.

Xorijiy (AQSH, Armaniston, Ozarbayjon, Belarus, Turkiya, Rossiya, Germaniya, Estoniya, Janubiy Koreya, Vengriya, Singapur, Gruziya va boshqa davlatlar) tajribasini o‘rgangan ekspertlar ushbu sohani davlat tomonidan tartibga solish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiqligini ta’kidlamoqda. Bu noqonuniy qimor o‘yinlarining oldini olish va uning jamiyatga salbiy ta’sirini kamaytirish, qatnashchilarning huquqlarini himoya qilish va davlat byudjetiga qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish uchun zarur. Yuqorida nomi ko‘rsatilgan mamlakatlarning aksariyatida tavakkalchilikka asoslangan onlayn o‘yinlarni tashkil etish bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar faoliyatini litsenziyalash tizimlari joriy etilgan, ustav kapitaliga, shuningdek, qimor o‘yinlari tashkilotchilari rahbariyati va egalarining ishbilarmonlik obro‘siga qo‘yiladigan talablar belgilangan, o‘yinlarda ishtirok etish uchun cheklovlar o‘rnatilgan, deb xabar berdi ILMA.

ILMA xulosasi

ILMA xulosasiga ko‘ra, Farmonning amalga oshirilishi internet tarmog‘ida tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar, bukmekerlik faoliyati va lotereyalar tashkil etish bilan bog‘liq faoliyatni huquqiy tartibga solish uchun ishonchli asos yaratadi, qonuniy ravishda tashkil etilgan o‘yinlarda ishtirok etayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini joriy etadi. Shuningdek, qimor o‘yinlariga qaramlikka qarshi kurash, davlat byudjetiga turli ijtimoiy maqsadlarga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha daromad manbalari bilan ta’minlaydi", — deyiladi ILMA xulosasida.

Теги :
Иқтисодиёт