$
 11801.23
-22.46
 13737.81
-59.25
 136.73
-3.01
weather
+26
Кечаси   +14°

2050-yilda O‘zbekistonda yiliga 1,2 mln bola tug‘iladi

bola

O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni kelgusi yillarda o‘sib borishi prognoz qilinmoqda. “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, 2030-yilda 892,7 ming, 2040-yilda 1 milliondan ortiq, 2050-yilda esa 1 million 234 ming bola tug‘ilishi mumkin. 2050-yildagi ko‘rsatkich 2025-yilga qaraganda 354,5 ming nafarga yoki 40,3 foizga ko‘p bo‘ladi. Eng katta o‘sish Toshkent viloyati va Toshkent shahrida kutilmoqda.

2040-yildan tug‘ilishlar soni 1 milliondan oshishi mumkin

Prognozga ko‘ra, yaqin yillarda O‘zbekistonda tug‘iladigan bolalar soni asta-sekin ko‘payib boradi. 2030-yilda 892,7 ming bola tug‘ilishi kutilayotgan bo‘lsa, 2040-yilga kelib bu raqam 1 million 16 mingdan oshishi mumkin. 2050-yilda esa bir yil ichida tug‘iladigan bolalar soni 1 million 234 ming nafarga yetishi prognoz qilingan.

Hududlar orasida eng katta o‘sish Toshkent viloyatida kutilmoqda. Bu yerda tug‘ilishlar soni 2050-yilgacha 62 foizga ko‘payishi mumkin. Toshkent shahrida o‘sish 61 foiz bo‘lishi prognoz qilingan. Andijonda tug‘ilishlar soni 48,6 foiz, Samarqandda 43,3 foiz, Namanganda esa 42,4 foizga oshishi mumkin.

Bu raqamlar aynan tug‘iladigan bolalarning umumiy soni qanchaga o‘zgarishini ko‘rsatadi. Aholisi tez ko‘payayotgan hududlarda tug‘ilishlar sonining ham tezroq oshishi kutilmoqda.

Har ming kishiga eng ko‘p bola Surxondaryoda tug‘ilishi kutilmoqda

Bolalar soni ko‘payishi bilan birga, har ming aholiga to‘g‘ri keladigan tug‘ilishlar ko‘rsatkichi biroz boshqacha o‘zgaradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, respublika bo‘yicha bu ko‘rsatkich 2030-yilda har ming kishiga 21,2 ta tug‘ilishni tashkil qiladi. 2040-yilda u 20,8 tagacha pasayishi, 2050-yilga kelib esa yana ko‘tarilib, 21,9 taga yetishi kutilmoqda.

2050-yilda tug‘ilish darajasi eng yuqori hudud Surxondaryo bo‘lishi mumkin. Viloyatda har ming aholiga 24,7 ta tug‘ilish prognoz qilinmoqda. Qashqadaryoda bu ko‘rsatkich 23,8 ta, Namangan va Samarqandda 23,1 tadan, Andijonda 22,9 ta bo‘lishi kutilmoqda. Toshkent shahrida esa har ming aholiga 22,3 ta tug‘ilish to‘g‘ri kelishi mumkin.

Shunday qilib, tug‘ilishlarning umumiy soni eng tez Toshkent viloyati va poytaxtda o‘sishi mumkin bo‘lsa, aholi soniga nisbatan tug‘ilish darajasi Surxondaryoda yuqoriroq bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Milliondan ortiq bola uchun ko‘proq bog‘cha, maktab va ish o‘rinlari kerak bo‘ladi

Tug‘ilishlar sonining oshishi kelajakdagi ehtiyojlarni ham o‘zgartiradi. Bugun tug‘ilgan bolaga avval poliklinika va bog‘cha, bir necha yildan keyin maktab, undan keyin kollej yoki universitet kerak bo‘ladi. Ulg‘aygach esa uy-joy va ish o‘rniga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Shu sabab tug‘ilishlarning ko‘payishi ta’lim va tibbiyotdan tortib mehnat bozorigacha bo‘lgan ko‘plab sohalarga ta’sir qiladi.

Masalan, bolalar soni tez ko‘payadigan hududlarda mavjud bog‘cha va maktablarda joy yetishmasligi mumkin. Yangi ta’lim muassasalari qurish, shifoxona va poliklinikalarni kengaytirish, yangi uy-joylar barpo etish zarurati oshadi. Keyinchalik mehnat bozoriga kirib keladigan yoshlar soni ham ko‘payadi.

Shu bois uzoq muddatli demografik prognozlar davlatga qaysi hududda qancha maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasasi va boshqa infratuzilma kerak bo‘lishini oldindan hisoblash imkonini beradi.

Теги :
Jamiyat