$
 12059.78
-45.78
 14129.24
-103.27
 150.07
-2.49
weather
+26
Кечаси   +14°

Ko‘chish ortidan milliardlar: Davlat binolari qanchaga “ketyapti”?

Toshkent shahrida davlat idoralarining Yangi Toshkentga ko‘chirilishi jarayoni fonida poytaxt markazida joylashgan bir qator yirik ma’muriy binolar auksion orqali sotilmoqda. So‘nggi kunlarda ketma-ket o‘tkazilgan uchta savdo natijalari davlat mulkining haqiqiy bozor bahosini, shuningdek, ushbu jarayonda faol ishtirok etayotgan xususiy kompaniyalar manfaatini yorqin ko‘rsatib berdi.

Qurilish va kommunal xo‘jalik vazirligi binosi: 182,4 milliard so‘m

Abay ko‘chasida joylashgan, 48 sotix maydonni egallagan Qurilish va kommunal xo‘jalik vazirligi binosi bo‘yicha auksion to‘rt ishtirokchi o‘rtasida kechdi. Boshlang‘ich narx 130,3 milliard so‘m etib belgilangandi. Savdoda g‘oliblikka “O‘zshahar qurilish invest” kompaniyasi erishdi va bino 182,4 milliard so‘mga sotildi.

2017-yilda Mirobod tumani hududida ro‘yxatdan o‘tgan ushbu kompaniya turar-joy qurilishi bilan shug‘ullanadi. Uning 100 foiz aksiyalari Nuriddin Qodirovga tegishli, boshqaruv esa Baxtiyor Saatov zimmasida. Auksion materiallariga ko‘ra, xaridor Prezidentning 2019-yildagi farmoni asosida berilgan imtiyozlardan foydalangan va obyektdan to‘lovni 36 oy davomida bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan.

Transport vazirligi binosi: 187,7 milliard so‘m

Keyingi lot — Zulfiyaxonim ko‘chasida joylashgan Transport vazirligi binosi bo‘ldi. 62 sotixli ushbu ob’yekt uchun boshlang‘ich narx 110,4 milliard so‘m etib belgilandi. Uch ishtirokchi o‘rtasidagi kurash bir soatdan ortiq davom etdi va narx 14 marta oshdi.

Natijada bino 187,7 milliard so‘m taklif qilgan Qoraqalpog‘istondagi “Samarador” kompaniyasiga sotildi. 2017-yilda tashkil etilgan ushbu kompaniya 25 milliard so‘mlik ustav kapitaliga ega bo‘lib, uning asoschisi Baxtiyor Maxkamov — poytaxtda faoliyat yurituvchi yana bir nechta qurilish korxonalarining ham egasi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi binosi: 242 milliard so‘m

18-dekabr kuni o‘tkazilgan navbatdagi auksion esa eng yirik summani qayd etdi. Mirzo Ulug‘bek tumanida, Hamid Olimjon metro bekati yaqinidagi 1975-yilda qurilgan, 1 gektardan ortiq maydonni egallagan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi binosi 242 milliard so‘mga sotildi. Eng yuqori taklifni Qobiljon Norbekov bildirdi. Xarid muddatli to‘lov asosida amalga oshiriladi.

Qo‘mita Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishni rejalashtirmoqda. U uch yil ichida binoni to‘liq bo‘shatib berish majburiyatini olgan. Agar yangi ma’muriy bina belgilangan muddatdan erta tayyor bo‘lsa, mavjud bino xaridorga shunga muvofiq ravishda oldinroq topshiriladi.

Markazdan chekinish — yirik xususiy investorlarga imkon

Uchta auksion natijasida davlat mulki bo‘lgan binolar umumiy hisobda 612 milliard so‘mdan ortiq qiymatga sotildi. Xaridorlarning aksariyati qurilish sohasi vakillari bo‘lib, ular poytaxt markazida yirik yer maydoniga ega bo‘lish imkoniyatidan foydalanmoqda.

Davlat idoralarining Yangi Toshkentga ko‘chirilishi jarayoni endigina boshlanganini inobatga olsak, yaqin oylar va yillarda shunga o‘xshash savdolar soni ortishi, poytaxt markazidagi mulklar esa bozorning eng qimmat aktivlariga aylanishi kutilmoqda.

Теги :
Iqtisodiyot