$
 11902.30
20.7
 13780.48
31.09
 152.18
1.13
weather
+26
Кечаси   +14°

“Bizni zaharlayotganlar”: Havoni eng ifloslantirayotgan 5 manzil

Air polution Foto: Gazeta.uz

So‘nggi paytlarda havoning ifloslanishi ortidan hukumat tomonidan turli xil reyd tadbirlari va havo sifatini yaxshilashga qaratilgan choralar ko‘rila boshlandi. Shunga qaramay, jamoatchilik tomonidan tanqidir muhokamalar hamda turli xil zavod va fabrikalar ustidan e’tirozlar keskin oshgan. “Jamoatchilik nazorati” Telegram kanali esa doimiy ravishda aholidan kelgan shikoyatlarni foto va videomateriallar bilan berib bormoqda.

Quyida sizga aholi tomonidan kelib tushgan murojaatlar asosida TOP-5 havoni zaharlayotgan zavod va fabrikalarni taqdim etamiz.

Kimyo zavodining 3 yillik muammosi

Birinchi manzil – Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan kimyoviy dorilar ishlab chiqaruvchi zavod. Ushbu zavod yonida joylashgan Navro‘z mahallasi aholisi kimyoviy chiqindilarning zahrini yutishayotganidan shikoyatda. “Mana 3 yildirki, ahvol shunday, bu hidga chidab bo‘lmaydi, borgan sari kasallanishlar ko‘paymoqda” deyiladi murojaatda. Mas’sullar bu holatga zudlik bilan chora ko‘rishi, ekologiya va aholini bu zaharlanishdan qutqarishi kerakligi ta’kidlanmoqda.


Poytaxtdagi beton zavodi

Shuingdek, Toshkent shahridagi beton korxonalaridan birida har kuni kimyoviy chang chiqadi. Murojaatchimizning bildirishicha, korxona hududidan chiqayotgan ushbu chang juda zararli, u yaqin atrofda yashovchi aholi uchun xavf tugʻdirib, nafas yoʻllariga kirsa, oʻpkaga choʻkib qoladi. Mas’ullar Toshkent havosi sifatini yaxshilash barobarida ushbu vaziyatga ham chora koʻrilishi so‘ralmoqda.


Navoiyda vaziyat yomonroq

Navoiy — respublikamizdagi sanoatga ixtisoslashgan eng katta markaz. Ammo, bugun vaziyat yanada ogʻirlashgan. Bir tomondan havo inversiyasi, ikkinchi tomondan zaharli zavod-fabrikalar oqibatida aholining sogʻligʻiga jiddiy zarar yetkazmoqda.

Kelib tushgan murojaatlardan birida Navoiy shahridagi temir yoʻl vokzali yaqinidagi keramzit va ohak sexlari ekologiya va aholi salomatligiga jiddiy zarar yetkazayotgani aytilmoqda. Ma’lumotga koʻra, sexlar faqat tungi paytda, 18:00 dan tongga qadar ishlaydi va unda koʻmir, avtomobil shinalari hamda boshqa turli xil chiqindilarni yoqishadi. Oqibatda, mahalliy aholi zaharli havodan qiynalmoqda. Aholi shikoyatlarini esa eshituvchilar yoʻq.

Chortoqliklar ustida quyuq smog turib qolyapti

Bundan tashqari, Namangan viloyati Chortoq tumanidagi Ko‘shan qishlog‘idagi g‘isht ishlab chiqarish sexi ham aholini zaharlamoqda. Murojaatga ko‘ra, yuqoridan olingan ushbu tasvir hech qanday bulut yoki tuman emas — sexdan chiqayotgan zaharli gaz va u aholining salomatligiga jiddiy zarar berishni allaqachon boshlagan. Sexda kechasi bilan avtomobil shinalari va shu kabi zaharli gaz chiqaruvchi mahsulotlar yonilg‘i sifatida ishlatilishi oqibatida mahalliy aholida turli allergik kasalliklar tobora ko‘payib bormoqda.

Javobsiz qolayotgan yakkasaroyliklar

Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi “O‘zbegim” va “Piramit” TJMlari yaqinida, eski tekstil kombinati o‘rnidagi sexlardan havoga zaharli gazlar chiqayotgani, bu aholi salomatligi hamda ekologik vaziyatni yanada yomonlashtirayotganligi haqida murojaatchilar videolavhalar yuborishgan. Murojaatda aytilishicha, har tunda butun havoni plastmassa va kuyindi hidi tutib ketib, nafas olib bo‘lmay qoladi. Aholi bir necha bor ekologlarga murojaat qilgan, hokim nomiga shikoyat yozilgan, ammo ularni hech kim eshitishni xohlamagan.


Теги :
Jamiyat
Salomatlik