$
 11914.67
3.74
 13735.23
-49.29
 148.27
0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkent bugun eng ifloslangan TOP-3 ga kirdi. Farg‘ona vodiysida ham ahvol ayanchli!

havo

Bugungi kunda havo sifatining yomonlashib borayotganligi hamda buning ortidan aholi salomatligiga jiddiy xavf tobora ortayotgani barcha yurtdoshlarimizni jiddiy tashvishlantirmoqda. Xo‘sh, ahvol qanchalik yomon?

Toshkentda havo sifati yaxshimi?

Butun dunyoda havo sifati va ifloslanishi monitoringini olib boruvchi Shveysariya texnologiya kompaniyasi hisoblanuvchi IQAir hisobotiga ko‘ra, havo sifati juda yomon. AQI ko‘rsatkichi 200 dan yuqori bo‘lib, havo sifati noyabr oyining boshidan buyon binafsharang “juda nosog'lom” ko‘rsatkichidan quyiga tushmayapti. Havo konversiyasi, qurilishlar, aholi yashovchi hududlardagi daraxtlarning president e’lon qilgan moratoriyga zid ravishda kesilishi, mavsumiy yog‘ingarchilikning deyarli kuzatilmayotganligi, cho‘llanishning ortib boryotgani, turli to‘y-marosimlardan tortib davlat tadbirlarigacha bo‘lgan miqiyosda mushakbozliklarning o‘tkazilishi kabi qator sabablar ortidan ahvol yanada ayanchli tus olmoqda. Havoning asosiy ifloslantiruvchisi deb qaraluvchi PM2.5 kontsentratsiyasi “mutlaq hokimiyat o‘rnatganligi” esa endilikda hech kimga sir emas.

Salomatlik uchun qizil chiziq

Yuqorida sanalgan sharoitlar nafas olish muammolarini keltirib chiqarishi, yurak muammolarini kuchaytirishi va o‘pka funksiyasini buzishi mumkin. Ayniqsa bolalar, qariyalar va sog'lig'i zaif bo'lganlar uchun holat xavotirlantiruvchi tus olgan. So‘nggi vaqtlarda aholi orasida nafas yo‘llari, o‘pka, yurak-qon tomir kasalliklari, doimiy stress va depressiv kayfiyatning yuqorilab borayotganligini ham havo sifati bilan bevosita bog‘lash mumkin.

Bu shunchaki vaqtinchalik bo‘libgina qolmay, doimiy tus olishda davom etsa, keyinchalik tug‘ilajak avlodlar hamda homilador ayollar salomatligi uchun ham katta xavf tug‘diradi. Xo‘sh, yillar davomida koinotning boshqa burchaklaridan yashash uchun yaroqli havo va suv axtarib sarson bo‘layotgan odam bolasi uchun eng muhim funksiyalardan biri hisoblanmish nafas olishni qanday qilib yengillashtirish hamda kasalliklardan qay tarzda himoyalanish lozim?

Niqob taqing, kamroq ko‘chada bo‘ling va…

Hukumat tomonidan ishlab chiqilgan “Yashil makon” loyihasi, uning tarkibidagi “Yashil belbog‘” kabi dasturlar turli byurokratik hamda korrupsion omillar, sansolorlik, bexo‘jaliklar ortidan yetarlicha samara bermayapti. Shunday ekan, bugungi kunda har bir fuqaro, har bir o‘zbekistonlik o‘z hayoti uchun o‘zi kurashishga majbur. Quyida ayrim osonroq amalga oshirish mumkin bo‘lgan tavsiyalarni e’tiboringizga havola qilamiz.

Ushbu vaqtinchalik ko‘tarilish vaqtida xavfsiz bo‘lish uchun ochiq havoda kamroq vaqt o‘tkazing, zarurat tug‘ilmagan holda tashqariga chiqmang. Eshik-derazalar va tirqishlarni yaxshilab berkiting. Ish, o‘qish yoki boshqa zarurat sababli ko‘chaga chiqsangiz, hamisha KN95, N95 kabi respirator-niqoblardan foydalaning. Odatiy tibbiy niqoblar bunday mikrozarrachalarni cheklay olmaydi. Xonani tozalash uchun maxsus filtr hamda tozalagichlarni ishlatish lozim. Xonada tamaki, isiriq va shu kabi tutunli mahsultolardan foydalanmang, bu vaziyatni yanada og‘irlashtiradi, xolos.

Vaziyat qachon o‘zgaradi?

Aslida havo sifatining yaxshilanishi qator omillarga bog‘liq bo‘lib, yog‘ingarchilik, issiqxonalardan chiqayotgan zaharli gazlarning kamaytirilishim avtomobillar hamda qurilishlarni cheklash, shamol yo‘nalishi kabi masalalar shular jumlasidandir.

Toshkent bugun, 20-noyabr kuni tushda dunyoning eng ifloslangan yirik shahri 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, bundan Samarqand, Farg‘ona kabi shaharlar ham zarar ko‘rdi. Vaziyat kechga tomon yanada yomonlashib, poytaxt yana ifloslanish bo‘yicha dunyo birinchiligini “qo‘lga kiritdi.”


2024-yilda Toshkent shahridagi oʻrtacha PM2.5 kontsentratsiyasi 31,5 mkg/m³ boʻlib , AQI 92 (“oʻrtacha”) ga toʻgʻri keladi, bu JSST yillik koʻrsatmasi 5 µg/m³ dan taxminan 6,3 baravar yuqori bo‘lgan. Bugungi kunda esa havo sifati o‘tgan yilgiga nisbatan yomonroq ham. Bu shuni ko'rsatadiki, ba'zi kunlik yaxshilanishlarga qaramay, mamlakatimizda umumiy ifloslanish darajasi jiddiy tashvish bo'lib qolmoqda.

IQAir tahliliga ko‘ra havo sifati yaxshilanishi mumkin

Kompaniya kuzatuv va tahlillariga ko‘ra qilingan prognozlarga ishonadigan bo‘lsak, tunda havo sifati asta-sekin yaxshilanib, AQI darajasi o'rtacha toifaga (100 dan past) tushishi kutilmoqda.

Kundalik prognozlar shuni ko'rsatadiki, Toshkent shahridagi havo sifati noyabr oyi boshidan buyon “ nosog'lom ” darajada saqlanib qolgan va so'nggi ikki kun ichida “ juda nosog'lom ” darajaga ko'tarilgan. Sharoitlar hafta oxiri va keyingi haftada yaxshilanishi kutilmoqda.

Havo sifatining yomonlashuviga nima sabab bo‘lmoqda?

Havoning ifloslanishi tabiiy va inson tomonidan yaratilgan manbalarning qorishmasidan kelib chiqadi. Shamoldan urilgan chang yozda PM2.5 ifloslanishining taxminan 36% ni tashkil qiladi, bu uning qurg'oqchil, cho'l mintaqasi iqlimi va zarrachalarni ushlab turadigan tog'lar hisobiga o‘zgarishi mumkin.

Isitish tizimlari, ayniqsa qishda, PM2.5 ning taxminan 28 %i ko'mir va mazut yoqish orqali, shu jumladan issiqxonalar va turar-joy binolarida ishlatishdan ortadi.

Transport chiqindilari PM2.5 darajasini qariyb 16% ga oshiradi. Asosan eskirgan transport vositalari katta miqdorda zarrachalar chiqarishi va qora uglerodni chiqaradigan past sifatli yoqilg'i (masalan, Ai-80) vaziyatni yomonlashtiradi.

Sanoat va energetika sohasi faoliyati, shu jumladan fabrikalar va elektr stantsiyalari PM2.5 ifloslanishining taxminan 13% ni tashkil qiladi.

Haroratning o'zgarishi, zaif shamollar va turg'un havo sharoitlari kabi mavsumiy omillar ifloslantiruvchi moddalarni yer yuzasida tutib qolib, havo sifatini yanada yomonlashtiradi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot
Salomatlik