$
 11963.23
50.85
 13970.66
97.5
 155.35
1.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Kechish uchun 1 yil: AI-80 benziniga qarshi reydlar boshlandi

AI-80

Ikki kun oldin O‘zenergoinspeksiya matbuot xizmati O‘zbekistondagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 benzini savdosiga qarshi reydlar boshlanganini ma’lum qildi. Xo‘sh, endi AI-80 yo‘qmi? Benzinning taqiqlanish jarayoni qanday kechdi?

Prezident topshirig‘i

Yil boshida Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston-2030” strategiyasini joriy yilga mo‘ljallangan davlat dasturi to‘g‘risidagi farmonni qabul qilgan edi. Davlat dasturida 2025-yil yakuniga qadar aholini sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘I bilan ta’minlagan holda AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotish cheklanishi belgilangan edi.

Umuman olganda, farmon loyihasida Yevro-4 ekologik standartidan past bo‘lgan yoqilg‘ini to‘liq taqiqlash haqida so‘z borgan. Masalan, AI-80 benzini Yevro-2 standartiga mos keladi

Buning ortidan, Mirziyoyev 2025-yil oxirigacha AI-80 rusumli avtomobil yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash, aholini “sifatli, ekologik toza va arzon yoqilg‘i” bilan ta’minlash uchun “barcha kuch va vositalarni safarbar etish” bo‘yicha topshiriq bergan.

AI-80 ishlab chiqarishni to‘xtatish rejasi

Shundan so‘ng, iyul oyida O‘zbekneftgaz yuqori oktanli avtomobil benzini (AI-92) ishlab chiqarish hajmini oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi. Bundan kelib chiqib, AI-80 markasini ishlab chiqarishni to‘liq to‘xtatish sentyabr oyiga mo‘ljallangan edi.

O‘sha paytdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 2025-yilda jami 1,03 mln tonna yoqilg‘i ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Buning 487 ming tonnasi AI-80 va 543 ming tonnasi AI-92+ benzini bo‘lishi ma’lum qilingandi. Shuningdek, AI-80 avtobenzinini sentabrgacha ishlab chiqarish, sentyabrdan boshlab esa faqat AI-92+ avtobenzinini (oyiga o‘rtacha 90 ming tonna) ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Natijada joriy yilning o‘zida O‘zbekneftgaz omborlarida AI-80 avtobenzin zaxiralari to‘liq tugatilishi, 2026 yildan esa faqat yuqori oktanli avtobenzin (AI-92 va AI-95) sotishga o‘tilishi rejalashtirilgan.

Birjadagi savdoning yakuni

Oradan ikki oy o‘tib, 2-sentabrda O‘zbekneftgaz birja savdolarida AI-80 benzinini sotishni to‘xtatganini ma’lum qildi. O‘z navbatida, AI-92 rusumidagi avtobenzinni birja savdolariga chiqarish hajmi oshirildi. Avval savdoga 1 000 tonna AI-92 benzini qo‘yib kelingan bo‘lsa, sentyabrdan boshlab bu ko‘rsatkich 1 720 tonnaga yetdi.

Savdo to‘xtaganiga qaramay, kompaniya avgust oyida tadbirkor iste’molchilar tomonidan xarid qilingan AI-80 rusumidagi benzin hajmlari belgilangan majburiyatlar va mavjud zaxiralar doirasida sentabr oyida ham o‘z egalariga yetkazib bergan.

Havo ifloslanishing ta’siri

Noyabr oyi oxiriga kelib mamlakatdagi havo sifati keskin yomonlashdi. Shuningdek, Prezident farmoni bilan Ekologiya vazirligi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga aylantirib Prezident administratsiyasi huzuriga o‘tdi. Hujjat bilan, ekologiya sohasi bo‘yicha yangi choralar dasturi tasdiqlandi. Dastur doirasidagi chora-tadbirlarga muvofiq 1-dekabrdan respublika bo‘yicha AYQSHlarda AI-80 benzini sotilishining oldini olish bo‘yicha qatʼiy nazorat o‘rnatilishi belgilandi.

Reydlar va natija

Ikki haftadan beri o‘tkazilayotgan ekoreydlar fonida aholini sifatli va ekologik toza yonilg‘i bilan ta’minlagan holda AYOQSHlarda sotuvga chiqarilishi to‘xtatilgan AI-80 markali avtobenzini bo‘yicha nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Joriy yil 26-noyabrdan 2-dekabrga qadar o‘tkazilgan reydlar davomida 90 ta AYOQSHdan jami 191 ta namuna olindi. Laboratoriya tahlillari natijasida 23 ta holatda 306 430 litr neft mahsulotlari davlat standartlariga mos kelmasligi, ya’ni sifatsiz ekani aniqlangan.

8,5 million litrdan ortiq sifatsiz mahsulot

Inspeksiya ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilning shu davrigacha neft mahsulotlari bo‘yicha amalga oshirilgan sifat nazorati jarayonlarida 632 ta obyekt o‘rganilgan. Tekshiruvlar davomida 210 ta obyektida 8 576 466 litr sifatsiz mahsulot aniqlanib, ularning savdoga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmagan.

Joriy nazorat tadbirlarida qayd etilgan kamchiliklar bo‘yicha “zapravka”larga neft mahsulotlari sifatini tiklash yuzasidan ko‘rsatmalar berilib, ularning bajarilishi qat’iy nazoratga olindi. Mazkur nazorat jarayonlari davom etmoqda.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot