$
 12662.01
21.8
 13593.93
34.78
 137.65
0.63
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston Respublikasi Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashuvidan chuqur xavotirda — Tashqi ishlar vazirligi

Israil vs Iran

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Vaziyat qanday tus oldi va qay tarzda davom etmoqda?

Vazirlik bayonoti

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida keltirilishicha O‘zbekiston Respublikasi Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashuvining yangi bosqichidan chuqur xavotirda. Unga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni barcha taraflarni bosiqlikka, harbiy harakatlarni davom ettirishdan tiyilishga hamda mojaroni eng qisqa fursatlarda siyosiy tartibga solish uchun mumkin bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishga chaqirgan. "Mazkur mintaqadagi keskinlikning avj olishi yanada jiddiy oqibatlarga va keng ko‘lamli harbiy qarama-qarshiliklarga olib kelishi mumkin deb hisoblaymiz" — deya yakunlanadi vazirlik bayonoti.

Voqeaning boshlang‘ich nuqtasi

Ma’lumot uchun, 1-aprel kuni Suriya poytaxti g‘arbidagi Eron elchixonasi va konsulligi joylashgan "Mezze" mahallasiga Isroil harbiy-havo kuchlari raketa zarbasi berishi oqibatida 11 kishi halok bo‘lgandi. Shundan so‘ng, 14-aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga bir necha o‘nlab "Shahed" dronlari bilan hujum qildi. 

Mudofaa holati va AQSH qo‘mondonligi axboroti

Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha oqshom AQSH Eron va Yamandan Isroil tomon uchirilgan 80 dan ortiq dron va kamida 6 ballistik raketalarini yo‘q qilgan. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) xabar beradi. Unda qayd etilishicha, Amerika qo‘shinlari AQSHning Yevropa qo‘mondonligi esmineslari ko‘magida hujumni qaytarishda ishtirok etgan. "Eronning misli ko‘rilmagan, g‘arazli va mas’uliyatsiz xatti-harakatlari mintaqaviy barqarorlikka, shuningdek, AQSH va koalitsiya kuchlarining xavfsizligiga tahdid soladi. CENTCOM Eronning xavfli harakatlariga qarshi Isroilning mudofaasini qo‘llab-quvvatlaydi. Biz Yaqin Sharqda xavfsizlikni mustahkamlash uchun barcha mintaqaviy sheriklarimiz bilan ishlashda davom etamiz", — deyiladi axborotda. Yana bir manba "Аl Arabiya"ning ma’lum qilishicha, Eron tomonidan uchirilgan 100 ga yaqin dronlar Isroil chegaralariga yetib kelmasidanoq AQSH va Buyuk Britaniya kuchlari tomonidan urib tushirilgan.

Isroil mudofaada ham, hujumda ham Eronga to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshi turishga tayyor — Binyamin Netanyahu

Sal turib, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu fuqarolarga murojaatida mamlakat Eron hujumiga tayyor ekanligini va kerakli javob choralari ko‘rilishini ma’lum qildi. "Isroil so‘nggi yillarda va ayniqsa so‘nggi haftalarda Eron tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rmoqda. "Bizning mudofaa kuchlarimiz jangovar shay holatda. Biz mudofaa va hujumda har qanday ssenariyga tayyormiz. Isroil davlati qudratli, SAHAL qudratli, jamiyatimiz qudratli. Biz AQSHning Isroilni qo‘llab-quvvatlashini qadrlaymiz, shuningdek, Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa ko‘plab davlatlardan ham bizni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdormiz. Men aniq tamoyilni belgilab oldim - kim bizga yomonlik qilsa, biz unga zarar beramiz. Biz har qanday tahdiddan o‘zimizni qat’iyat bilan himoya qilamiz", — deya ta’kidlagan Netanyahu o‘z murojaatida.

Isroil albatta jazolanadi — Oyatulloh Ali Xomanaiy

Bir necha soatlardan so‘ng Eronning BMTdagi missiyasi ham Eronning Isroilga hujumlariga munosabat bildirdi. "Eron xalqaro qonunlarga muvofiq o‘zini himoya qilish huquqidan foydalanmoqda. AQSH bundan chetda turishi kerak, chunki bu Isroil va Eronga. Hujum boshlanishidan oldin mintaqa davlatlari Eron diplomatik kanallari orqali ogohlantirilgan", deyiladi bayonotda.

Hujum “kutilganidan muvaffaqiyatliroq" bo‘ldimi?

Kecha tushdan so‘ng ma’lum bo‘lgan axborotlarda qayd etilishicha, Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi rahbari general Bag‘iriy Isroilga qarshi operatsiya yakunlangani, Eron uni davom ettirishni rejalashtirmayotganini, ammo kerak bo‘lsa, mamlakat hujumlarni qaytadan boshlashga ham tayyorligini qo‘shimcha qilgan. "Agar sionistik rejim Eron hududi, shuningdek, Suriyadagi yoki boshqa davlatdagi Eron markazlariga qarshi qandaydir chora ko‘rsa, keyingi amaliyotimiz bundan-da qattiqroq va kengroq tus oladi", — deydi general. Yana bir general Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Salamining fikricha Isroilga hujum “kutilganidan muvaffaqiyatliroq bo‘lgan”.

Bayden vaziyatni yumshatdi

Dunyoga mashhur Тhe New York Times nashrining Ismi oshkor etilmagan ikki isroillik rasmiyga tayanib keltirilgan axborotida AQSH prezidenti Jo Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni tungi hujumdan so‘ng Eronga tezda javob qaytarishdan qaytargani ma’lum qilingan. 

Dunyo mamlakatlari qanday pozitsiyada?

Vaziyatga AQSH, Germaniya, Kanada, Argentina, Fransiya, Avstriya, Chexiya va Yevropa Ittifoqi rasmiylari munosabat bildirib, Eronning hujumini qoralagan va Isroilni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishgan. Shuningdek, O‘zbekiston qatorida Saudiya Arabistoni ham Eron va Isroil o‘rtasidagi vaziyat keskinlashganidan xavotirini bildirib, tomonlardan vazminlik ko‘rsatishini so‘ragan.