$
 12662.01
21.8
 13593.93
34.78
 137.65
0.63
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda “toza havo” oyligi boshlandi

ekomashina

So‘ngi vaqtlarda atmosferani ifloslantiruvchi sanoat korxonalari, tadbirkorlik obyektlari, avtomobillarga nisbatan nazorat kuchaytirilmoqda, talablarga javob bermaganlari javobgarlikka tortilyapti. Ekologik stikerlar, toza hudud, korxonalarni vaqtinchalik yopish kabi tadbiirlar shular jumlasidandir. Atmosferaga zararli tashlamalarning oldini olish maqsadida o‘tkazilayotgan tadbirlardan biri “Toza havo” oyligidir. Bu tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan har yili ikki bosqichda butun respublika bo‘yicha o‘tkazildi.

Ikki bosqich

“Toza havo” oyligi "Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida” hamda “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosini taʼminlash maqsadida 2 bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich 10-apreldan 10-maygacha, ikkinchi bosqich 10-avgustdan 10-sentyabrgacha (Toshkent shahrida 10-sentyabr — 10-oktyabr) davom etadi. 

Qanday chora-tadbirlar ko‘riladi?

Tadbir davomida respublikamizning barcha hududlaridagi yo‘l-patrul maskanlarida, viloyat, tuman (shahar)larning markaziy ko‘chalarida benzin, dizel, tabiiy siqilgan va suyultirilgan gazda harakatlanadigan avtotransport vositalarining atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli gazlar miqdori maxsus asbob-uskunalar orqali ko‘rikdan o‘tkaziladi. 

Ekologik nosoz deb topilgan transport vositalari haydovchilariga tegishli choralar ko‘rilib, nosozlik bartaraf etilmaguncha transport vositasidan foydalanish taqiqlanadi. 

Maqsad nima?

“Toza havo” oyligi texnika vositalaridan atmosfera havosiga me'yoridan ortiq zararli tashlamalar chiqarilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida doimiy tarzda o‘tkazib kelinmoqda.  

2023-yilda 209 232 tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldi olindi

Xususan, o‘tgan 2023-yilda 318 556 ta avtotransport vositasi ekologik nazoratdan o‘tkazilgan va atmosferaga jami 209 232 tonna ifloslantiruvchi moddalar chiqarilishining oldi olingan.

Ishlatilgan gazlarda ifloslantiruvchi moddalar davlat standartlarining belgilangan normalarini qo‘pol ravishda buzgan 3329 ta avtotransport haydovchisiga nisbatan umumiy 553 153 mln soʻm jarima choralari qo‘llanilib, 2914 ta texnika vositasining harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan.