$
 12694.87
-25.13
 13766.32
-61.59
 139.48
-0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Qo‘ziqorinning iste’molga yaroqli va zaharli turlarini bir-biridan ajratish juda murakkab

Mushroom

Bahorda tez-tez yomg‘ir yog‘ishi tufayli dala-dashtlarda qo‘ziqorinlar ko‘payadi. Bunday paytda ularni bilib-bilmay iste’mol qilish gohida noxush holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. SSV shu kabi holatlarni oldini olish uchun ogohlantirish bilan chiqdi.

O‘zbekistonda zamburug‘larning 200 ga yaqin turi aniqlangan

Qo‘ziqorinning ayrim turlari o‘ta zaharli bo‘lib, inson salomatligi uchun xavfli hisoblanadi. Ayniqsa, qo‘ziqorinlarning mog‘orlagan, shilliq bilan qoplangan va uzoq muddat turib qolganlari iste’mol qilinganda organizmga jiddiy zarar yetkazishi hech gap emas.

— O‘zbekiston zaminida zamburug‘larning 200 ga yaqin turi aniqlangan, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Juman To‘ychiyev. — Shundan 20 ga yaqini iste’mol uchun yaroqli. Bahor va kuz fasli qo‘ziqorinni sevib iste’mol qiluvchilar uchun qulay fursat hisoblanib, ko‘cha-ko‘ylar, katta avtomagistral yo‘llarda ayrim shaxslar tomonidan qo‘ziqorinlarni sotish holatlari kuzatiladi.

Ularni ajratish juda murakkab

Uning iste’mol qilish mumkin bo‘lgan va zaharli turlarini bir-biridan ajratish juda murakkab. Ko‘p hollarda ular bir-biriga juda o‘xshab ketadi. Yaroqlilariga — oq qo‘ziqorin, qizil qo‘ziqorin, shampinon va opyonok kabilar, zaharlilariga — qizil muxamor, kulrang muxamor, satanin, sariq soxta qo‘ziqorin, soxta shampinon va boshqalar kiradi.

Eng zaharlisi qaysi?

Ayniqsa, rangsiz qurbaqasalla turdagisi eng zaharli bo‘lib, uning ozgina miqdori yeyilganda ham kishi hayotini xavf ostida qoldirishi mumkin. Tuzlangan yoki marinadlangan qo‘ziqorinlarni ruxlangan idishlarda saqlaganda ham zaharlanish ro‘y berishi ehtimoli yuqori.

“Smorchok” va “strochok”

Bundan tashqari, uning “smorchok” va “strochok” turlaridan noto‘g‘ri taom tayyorlanishi ham zaharlanishga sabab bo‘ladi. Chunki uning tarkibida zararli gelvelat kislotasi bo‘lib, u suvda yaxshi eriydi. Shu sababli ushbu qo‘ziqorinlarni iste’mol qilishdan oldin qaynatib, suvini to‘kib tashlash kerak.

Yo‘l yoqasidagi qo‘ziqorinlar

Shuningdek, avtomagistral yo‘l yoqalari, kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalarning tevarak-atroflarida o‘sadigan qo‘ziqorinlardan ham zaharlanish mumkin. Sababi mashinalardan chiqadigan is gazi va zaharli moddalarni qo‘ziqorinlar tarkibiga singdirib olishi mumkin. Ya’ni bunday hollarda iste’molga yaroqli bo‘lgan qo‘ziqorinlardan ham zaharlanish mumkin.

Zaharlanish asoratlari

Odatda ushbu mahsulotni tanovul qilganda bir yoki bir necha shaxslar zaharlanadi. Bunday paytda kasallik belgilari uning turiga qarab, turlicha namoyon bo‘ladi.

Asosan bemorda asab tizimi faoliyatida o‘zgarishlar, so‘lak oqishi, ko‘p terlash, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, kuchli bosh og‘rig‘i, holsizlik, qorin sohasida qattiq og‘riqlar, bosh aylanishi, ich ketishi, ko‘zdan yosh oqishi kabi belgilar kuzatiladi.

Shuningdek, tomir urishi sekinlashadi va sustlashadi, alahsirash, titrash kuzatiladi. Ko‘z qorachig‘i kengayadi yoki torayadi. Zaharlangan insonga o‘z vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatilsa, odatda 1-2 kundan so‘ng sog‘ayib ketadi. Aks holda, bemorning ahvoli og‘irlashib, o‘lim bilan yakun topishi ham mumkin.

Sotib olayotganda ma’lumotnoma talab qilish zarur

Bunday noxush holatlar kuzatilmasligi uchun har bir shaxs zaharli va zaharsiz qo‘ziqorinlarni ajrata olishi lozim. Bozorlar va savdo do‘konlaridan ushbu mahsulotni xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, gigiyenik va muvofiqlik sertifikatlari hamda veterinariya-sanitariya laboratoriya mutaxassislari tomonidan beriladigan ma’lumotnomani talab qilishingiz zarur.

Ko‘chada sotilayotgan qo‘ziqorinlar

Avtomagistral yo‘l yoqalari, zaharli kimyoviy moddalar saqlanadigan omborxonalarning tevarak-atroflari, ko‘cha-ko‘ylarda aholi tomonidan sotilayotgan qo‘ziqorinlarni aslo xarid qilmaslik kerak.

Теги :
Жамият